Афғонда ўзбеклар яшайдиган Мозори-Шарифга йўл олдик. Ўзбек блогери хавфли йўлда.

Qiziqarli va sirli Afg'oniston safari davom etadi. Avval xabar berganimdek, men o'z mashinamda ushbu mamlkatga safar qildim. Bu yerdagi sarguzashtlarga bag'ishlab turkum ko'rsatuvlar tayyorlab qo'yib bormoqdamiz. Ularni kanalimizdan topishingiz mumkin. Men Kobul shahrida o'zbeklar haqida reportaj tayyorlab navbatdagi manzillar sari yo'lga chiqdim. Dastlab biz Afgʻonistonning markaziy qismidagi shahar Bomiyon sari otlandik. Bu yerda bir necha yillar muqaddam qadimiy budda haykallari portlatilgan. Hudud Poytaxtdan 130 kilometr shimoli-g'arbda joylashgan ekan. Kobul shahrida benzin quyib olish uchun shahobchada to'xtadik. Bu yerda O'zbekistondan olib kelgna Aktan qo'shimchasini qo'shib yoqilg'i zahiramizni to'ldirdik. Bir deganda kech tushdi. Afg'on yo'llari kechasi yanada xatarli bo'lar ekan. Ya'ni yerdagi chuqurlarni ko'rish qiyinlashadi. Afsuski Bomiyonda bir nechta ko'ngilsiz xodisalar ro'y berganini aytib meni postdan qaytarishdi. Erta tongdan uxlamay keyingi lokatsiyani tanlashga qaror qildik. Ahir mening viza muddatim tugash arafasida. Rejalar ya'ni Siz aziz tomoshabinlarga ko'rsatishni niyat qilgan manzillarimiz ko'p edi. Shu bois Kobuldan O'zbekistonga yaqin va aholisining katta qismi o'zbeklar bo'lgan Mozori sharif sari yo'lga chiqdik. Orada mashinamizni qaratib oldik. Kobul ortda qoldi. Mashina orqa ko‘zgusida poytaxt shahar asta-sekin yo‘qolib bordi. Biz ham sarguzashtli roman qahramonlaridek poytaxtning shovqin-suronini tark etib, tarix sirlarini o‘zida mujassam etgan muqaddas shahar Mozori Sharif sari yo‘lda odimladik. Orada pul maydalash maqsadida aholi punktida to‘xtashga qaror qildik. Sherigim ketgan vaqtida men bu yerdagi mahalliy nonvoylarga yuzlandim. Non yopayotgan insonlar samimiy chiqishdi. Ular bilan suhbat qurdik. Bizning sodiq hamrohimiz treker mashinasi vaqt va makonni yorib o‘tmoqchi bo‘lgandek, o‘nqir-cho‘nqir yo‘l bo‘ylab g‘uvillab yurdi. Deraza tashqarisida odatdagi manzara o‘rnini nosoz yo‘l egalladi. Yo‘lning har bir burilishi qiyin. Toshlar bilan qoplangan qoyalar, kutilmagan tuzoqlarni yashirgan quruq yo‘llar. Birma-bir tunellardan ham o‘tishni boshladik. Xavfli har qadamda mashina balonlarini yorishi mumkin bo‘lgan yo‘l, lekin biz orqaga chekinmaymiz. Tarix o‘z xazinalarini saqlagan Mozori Sharifga yetib boramiz degan umidda shijoatimiz so‘nmadi. Tog‘ tizmalari orasidan aylanib o‘tuvchi yo‘l ko‘z o‘ngimizda hayratlanarli go‘zallik panoramalarini ochib berdi: yam-yashil o‘tloqlar bilan qoplangan cheksiz kengliklar, oftobda chaqnab turgan tog‘ daryolari va fazoda va zamonda adashib qolganday tuyulgan noyob qishloqlar. Tepaliklarga go‘yo qavatma-qavat qilib qurilgan uylar ko‘rindi. O‘ziga xos manzara. Mozori Sharifga olib boruvchi yo‘l, chuqurlar bilan bizni sinashda davom etdi. Navbatdagi tunnelga ham kelib qolibmiz. Yo‘lning har bir burilishida, har bir ko‘tarilgan tepalikda toshli ko‘chki xavfi sezilardi. Bu yerdagilar o‘rganib ketishgan deydi hamrohim. Tunnelar esa chiqishda davom etar, biz esa yuraverdik. Changdan bazan ko‘z hiralashdi. Ammo harita va ichki hissiyot bizga yordamchi bo‘ldi . Afg‘onistonning tog‘lari chindan ham ko‘rkam. Qachonlardir bu yerlardan odamlar haftalab o‘tishgan. Endi esa mana mashinadan oralab o‘tayapmiz. Biroz yurgach O‘zbekistondagi qamchiq dovonidagi kabi burilishga to‘la yo‘lga duch keldik. Yana bir noodatiy tunnel. Xavf shu darajadaki, go‘yo qo‘rqinchili filmlar sahnasida ishtirok etgandek bo‘ldim. Mashinada hayajonli sukunat muhiti hukm surdi. Shahar shovqinidan charchab, yo‘lning osoyishtaligidan bahramand bo‘ldik, o‘tayotgan manzaralarga qoyil qoldik. Bu orada yo‘lda dam olayotgan insonlarga duch keldik. Ularning bir guruhi o‘zbeklar ekan. Bizni o‘zlari to‘xtatishdi va ular bilan qiziqarli suhbat kechdi. Mahalliy o‘zbeklar bilan esdalik uchun rasmga tushib ularga o‘zimiz bilan olib kelgan konserva oshlaridan berdik. Qizig‘i yaqin tarixda ular o‘zbek telekanallarini ko‘rishlarini hozir esa buning imkoni yo‘qligini bildirdilar.

Смотрите также